2-chapter: Begona dunyoda notanish yigit

• 17.10.2026 • ~3 daqiqa 49 soniya • 25 read

Yonidan o‘tib ketayotgan bir qiz qo‘lidagi kichkina buyumga qarab kulib qo‘ydi. Mohinur uning qo‘lida nima borligini tushunmadi. Qizning o‘zi bilan gaplashayotgandek ko‘ringan bu buyumdan cho‘chib, bir qadam orqaga chekindi.

— Bu odamlar... o‘zlari bilan o‘zlari gaplashishadimi?

Shu payt uning yonida mashina signal berdi.

Mohinur cho‘chib tushdi-yu, beixtiyor yo‘lning o‘rtasiga qadam tashladi.

— Hoy! Ehtiyot bo‘ling!

Kimningdir baland ovozi eshitildi.

Mohinur boshini ko‘tarishga ham ulgurmay, kimdir uning bilagidan tutib, uni yo‘l chetiga tortdi. Bir necha soniyadan so‘ng yonlaridan qora mashina katta tezlikda o‘tib ketdi.

Mohinurning nafasi ichiga tushib ketdi. U ko‘ksiga qo‘lini bosib, nima bo‘lganini anglashga urindi.— Siz... — dedi yigit sekin.

Mohinur uning qo‘lidan bilagini tortib oldi.

— Qo‘lingizni oling!

Yigit hayrat bilan unga qaradi.

— Nima?

— Begona erkakning nomahram ayolga qo‘l tekkizishi odobdan emasligini bilmaysizmi?

Yigit bir necha soniya unga tikilib turdi.

So‘ng beixtiyor kulib yubordi.

— Siz hazillashyapsizmi?

Mohinurning qoshlari chimirildi.

— Nima uchun kulasiz? Men sizga kulgili ko‘rinyapmanmi?

— Yo‘q, shunchaki…Yigit yana uning kiyimlariga qaradi. Uzun ko‘ylak, nafis kashta tushirilgan yenglar, beliga bog‘langan mato va boshidagi ro‘mol. Bunday kiyimni Toshkent ko‘chalarida ko‘rish oson emasdi.

— Siz qaysi tarixiy filmni suratga olayotgan jamoa dan keldingiz? — deb so‘radi u.

Mohinur uning gapini tushunmadi.

— Qaysi... nima?

— Film. Kino. Suratga olish.

— Men hech qanday suratga olishni bilmayman!

Yigitning kulgisi asta so‘ndi.

Mohinurning ovozida yolg‘on alomati yo‘q edi. U qo‘rqayotgan, atrofga ishonchsizlik bilan qarayotgan va chindan ham hech narsani tushunmayotgan edi.

— Yaxshi, — dedi yigit bu safar bosiqroq ohangda. — Ismingiz nima?

Mohinur unga sinchiklab qaradi.

— Avval o‘zingizni tanishtiring.

Yigitning labida beixtiyor tabassum paydo bo‘ldi.

— Kamron.

— Kamron... — Mohinur bu ismni takrorladi. — Otangizning ismi-chi?

— Iskandar. Kamron Iskandarov.

Mohinur boshini sal egdi.

— Men esa Mohinur. Abdulhakimning qiziman.

— Tanishganimdan xursandman, Mohinur Abdulhakim qizi.

Uning bunday rasmiy javob berishi Kamronni yana kuldirib yubordi.

— Siz doim shunday gapirasizmi?

— Qanday?

— Xuddi saroydan chiqib kelgandek.

Mohinur unga sovuq qarash qildi.

— Siz esa xuddi odob nimaligini bilmaydigandek gapirasiz.

Kamron jim qoldi.

So‘ng boshini egib, kulgisini yashirdi.Ammo keyingi lahzada Kamronning qo‘lidagi telefon jiringladi.

Mohinur cho‘chib ketdi.

— Bu nima?!

Kamron telefoniga qaradi.

— Telefon.

— Ichida kim bor?

Kamron unga tikildi.

— Nima?

— Ovozi chiqyapti-ku! Ichida kim bor?!

Kamron bir muddat unga qarab turdi. Keyin qo‘ng‘iroqqa javob berdi.

— Ha, eshitaman.

Telefonning narigi tomonidan erkak kishining ovozi eshitildi.

Mohinur qo‘rquvdan bir qadam orqaga chekindi.

— Astag‘firulloh! — deb yubordi u.

Kamron gapini tugatib, telefonni qulog‘idan oldi.

— Siz rostdan ham telefon ko‘rmagansizmi?

— Men bunday sehrli oynani hech qachon ko‘rmaganman!

U qizning ko‘zlariga yana qaradi. Uning qo‘rquvi soxta emasdi. Barmoqlari titrayotgan, nafasi tezlashgan edi.

— Mohinur, — dedi u ehtiyotkorlik bilan. — Menga qarang. Sizga hech kim zarar yetkazmaydi. Xo‘pmi?

Mohinur javob bermadi.

— Qayerdan keldingiz?

Qiz lablarini tishladi.

— Eski Toshkentdan.

— Qaysi mahalladan?

— Mahalladan emas... Men…

U bir zum ikkilanib qoldi. Kim unga ishonardi? Hozirgina bir ko‘rishda mashinadan qo‘rqib ketgan odamlar orasida turib, yuz yil oldingi dunyodan kelganini qanday tushuntirardi?

Ammo Kamronning nigohi uni shoshirmasdi.

— Men 1890-yildan keldim, — dedi u nihoyat.

Atrofdagi shovqin go‘yo Kamronning qulog‘iga yetmay qolgandek bo‘ldi.

U qizga tikilib qoldi.

— Nima dedingiz?

— Ming sakkiz yuz to‘qsoninchi yildan!

Kamron bir necha soniya indamadi. Keyin sekin boshini chayqadi.

— Bu... mumkin emas.

Mohinurning ko‘zlariga yosh qalqdi.

— Men ham shunday deb o‘ylayman! Men uyimda edim. Otamning kitoblarini o‘qiyotgandim. Keyin chaqmoq chaqdi... Ko‘zimni ochsam, bu yerda edim!

Uning ovozi titrab ketdi.

— Otam qayerda? Onam-chi? Men uyimga qanday qaytaman?

Kamron nima deyishni bilmay qoldi.

U qizning yuziga qaradi. Bu safar unda na hazil, na shubha qoldi. Faqat tushunarsiz bir his bor edi — xuddi u uzoq kutgan inson nihoyat qarshisida turgandek.

Kamronning xayolida bolaligidan beri takrorlanadigan tush jonlandi.

Qadimiy ko‘cha.

Qora osmon.

Oltin naqshli kitobni bag‘riga bosgan qiz.

 Kamronni telefoniga habar keldi Ochib qarasa bir surat 

Surat ostida esa bir jumla yozilgan edi:

«U keldi. Endi uni vaqtning o‘zidan ham himoya qil».

Kamronning tabassumi yo‘qoldi.

U sekin boshini ko‘tardi.

Qahvaxona eshigi yonida Mohinur unga qarab turardi.

— Kamron aka, nima bo‘ldi?

Yigit telefonini cho‘ntagiga soldi.

— Hech narsa.

Ammo uning nigohi endi boshqacha edii

Bu uning Mohinurga aytgan birinchi yolg‘oni edi.

Va Mohinur buni darhol sezdi.

Uning nigohi o‘zgardi.

— Siz yolg‘on gapiryapsiz.

Kamron unga hayrat bilan qaradi.

— Nima?

— Ovozingiz o‘zgardi. Siz nimanidir bilasiz, lekin yashiryapsiz.

Kamron indamadi.

U hayotida birinchi marta notanish bir qizning qarshisida o‘zini himoyasiz his qilayotgan edi.

Mohinur esa undan ko‘z uzmay turardi.

Shu payt uning qorni ochlikdan g‘uldurab ketdi.

Kamron bir zum jim qoldi.

So‘ng labining chetida tabassum paydo bo‘ldi.

— Mayli, Mohinur Abdulhakim qizi. Avval sizga ovqat olib beraylik. Keyin meni so‘roq qilishingiz mumkin.

Ular bir qahva xonaga kirishdi va taom zakas qilishid qiz  hali bunday taomni yeyish tugul kormagan ham edi. U shunaqa tez ovqatlanardiki huddi bir necha haftadan buyon och qolgan insondek u taomlarni hayratlanib yeyishini korib Kamronni yuziga tabbasum yugurardi u umri davomida birgina taomga bunchalik  hursand bolgan samimiy qizni korgmagan edi .

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Did you like this chapter?
Telegram kanalingizda yoki do‘stlaringizga ulashing!
Did you like this chapter?

Author Tunpari— tip to support faster chapter releases!

Reviews & Comments 0

Fikr bildirish uchun tizimga kiring

Muallif bilan muloqot qilish va boblarga sharh qoldirish uchun hisobingizga kiring.

Be the first to comment!
Main Works
🛒
Do‘kon
Reyting Sign in