Dasturlashda siz har bir satr kodni qat'iy mantiqiy zanjir asosida qurasiz. Bitta noto‘g‘ri nuqta yoki qavs butun arxitekturani ishdan chiqarishi mumkin. Badiiy asar yozishda esa har bir so‘z, har bir pauza qahramonning ruhiy holatini ochib beradi.

Mantiq va syujet o‘xshashligi

Syujet qurish — aslida dastur arxitekturasini loyihalashga juda o‘xshash. Agar siz boshlang‘ich epizodda o‘quvchiga bir tafsilotni ko‘rsatsangiz (xuddi funksiya parametr kiritgandek), u yakunda albatta o‘z ta'sirini ko‘rsatishi kerak (return value). Chexov aytgan mashhur "Devorda osilgan miltiq albatta otilishi kerak" qoidasi dasturlashdagi qat'iy qoidalarga aynan mos keladi.

Men "Temiryo‘l bo‘yidagi kollej" ustida ishlar ekanman, har bir personajning o‘tmishi, fe'l-atvori va o‘zaro ziddiyatlarini qat'iy model asosida shakllantirdim. Bu esa menga nafaqat chiroyli matn, balki pishiq va qiziqarli asar yaratishda qo‘l keldi.